🔥 Eldor Shomurodovdan dubl! «Bashakshehir» raqibini tor-mor etdi, Fayzullayev ham maydonga tushdi
Turkiya Superligasining 6-tur uchrashuvida Istanbulning «Bashakshehir» klubi o‘z maydonida «Genchlerbirligi» jamoasini qabul qilib, yirik 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Mazkur bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va hujumchisi Eldor Shomurodov haqiqiy qahramonga aylandi. Hamyurtimiz uchrashuvning 33 va 65-daqiqalarida raqib darvozasini aniq nishonga olib, o‘z hisobiga dubl yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa, Eldorning joriy mavsum Turkiya chempionatidagi gollari soni 6 taga yetdi.
Shomurodov o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, 77-daqiqada olqishlar ostida zaxiraga olindi. E’tiborlisi, aynan shu daqiqada terma jamoamizning yana bir yosh yulduzi Abbosbek Fayzullayev ham zaxiradan maydonga tushirildi.
Ushbu ishonchli g‘alabadan keyin «Bashakshehir» o‘z ochkolarini 7 taga yetkazib, turnir jadvalida 12-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Turkiya Superligasi. 6-tur
«Bashakshehir» — «Genchlerbirligi» 4:0
Gollar: Olsen 9, Shomurodov 33, 65, Zelke 53 (penalti).